Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharifning taklifiga binoan 5-fevral kuni davlat tashrifi bilan Pokistonga joʻnab ketdi.
Islomobod shahrida oliy darajadagi muzokaralar va Oʻzbekiston–Pokiston Strategik hamkorlik kengashining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtadi. Uchrashuvlarda doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi.
Sammit yakunida qoʻshma deklaratsiya va ikki tomonlama hujjatlar toʻplami imzolanishi, shuningdek, davlatimiz rahbari tashrif doirasida qoʻshma biznes forumi va boshqa tadbirlarda ishtirok etishi rejalashtirilgan.


