Prezident soliq tizimidagi korrupsiya holatlaridan xabari borligini maʼlum qildi.
"Murakkab soliq maʼmurchiligi, biznesga ortiqcha aralashish va tizimdagi korrupsiya holatlarining barchasidan xabarim bor", - dedi davlat rahbari.
Soliq tizimi tubdan isloh qilinib, soliq idoralari xodimlarining yondashuvlari butunlay o‘zgartirilishi taʼkidlandi. Jumladan, kelgusi yil 1-yanvardan boshlab reytingi yuqori korxonalar barcha turdagi soliq tekshiruvlaridan ozod qilinadi hamda ularga qo‘shilgan qiymat solig‘ining ortiqcha qismi bir kunda qaytarib beriladi.
Shuningdek, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi guvohnomasini vaqtinchalik to‘xtatib turish amaliyoti bekor qilinadi.
Bundan tashqari, prezident hozirda kameral nazorat to‘laqonli soliq tekshiruviga aylanib ketgani va bu korrupsiyaga ham yo‘l ochib berayotganini ko‘rsatib o‘tdi. Endilikda kameral nazoratda tadbirkordan hujjat talab qilish yoki uni idoraga chaqirish qatʼiyan taqiqlanadi.
Shuningdek, alohida ochiq-oshkora platforma yaratilib, soliqchilar ko‘rsatgan xizmatlar sifatiga tadbirkorlarning o‘zi baho beradigan tizim yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga, hozirda soliqqa oid bitta huquqbuzarlik uchun tadbirkor sifatida moliyaviy jarima, jismoniy shaxs sifatida maʼmuriy jarima qo‘llanmoqda. Bunday amaliyot bekor qilinishi taʼkidlandi.
Tadbirkorlarga qo‘llanayotgan jarimalar ular faoliyatining to‘xtab qolishiga sabab bo‘lmasligi zarurligi qayd etildi. Shu nuqtai-nazardan uch oyda barcha moliyaviy sanksiyalar qayta ko‘rib chiqilib, adolatli meʼyorlar belgilanadi.
"Tadbirkorning soliq idoralari bilan bo‘ladigan barcha nizolari maʼmuriy sud vakolatiga o‘tkaziladi. Shuningdek, tadbirkorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilishidagi har qanday cheklovlar olib tashlanadi", — prezident.
Maʼlum qilinishicha, soliq bo‘yicha tadbirkorlarga nisbatan daʼvo kiritish muddati hozirgi 5 yildan 3 yilga tushiriladi. Bundan tashqari, soliq yoki kredit qarzini undirish bo‘yicha sud qarori chiqarilganda, penya va foizlar hisoblash to‘xtatiladi.


