Silk Road Samarkand sayyohlik majmuasida bo‘lib o‘tayotgan VII Xalqaro kongressi doirasida «Kino va media olami: Merosga yangicha nigoh» xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda Turkiy dunyo mamlakatlari kino tashkilotlarining ijodiy va ishlab chiqarish imkoniyatlarini birlashtirish muhokama qilinmoqda.
Konferensiya davomida Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxaliqov va Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi rahbari Furqat Usmonov nutq so‘zladi. Tadbirga Agentlik direktori o‘rinbosari Shuhrat Rizayev va TURKSOY bosh kotibining xalqaro kino bo‘yicha maslahatchisi Mayra Karsakbayeva moderatorlik qildi.
Bundan tashqari, konferensiyada TURKSOY mamlakatlarining boshqa vakillari Xojakuli Narliyev, Aydar Omarov, Bayrammuhamed Bayrammuhamedov, Akjol Bekbolatov, Milyausha Aytuganova va boshqalar ham o‘z chiqishlari bilan ishtirok etdi.
Shuningdek, Shuhrat Rizayev «Tarixiy filmlarni hamkorlikda ishlab chiqarish kinoloyihalari taqdimoti»ni o‘tkazdi va Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston tarixidagi buyuk shaxslar haqida 50 ta film suratga olinishini hamda bu bo‘yicha ishlar boshlanganini maʼlum qildi.
Eslatib o‘tamiz, ayni kunlarda Samarqandda xalqaro ilmiy anjuman bo‘lib o‘tmoqda. Unda 40 dan ortiq davlatdan 300 ga yaqin olimlar ishtirok etyapti.


