30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakatimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillarini, ularning timsolida ko‘pmillatli butun xalqimizni bayram bilan chin qalbdan samimiy muborakbod etdi.
Davlat rahbari o‘z tabrigida O‘zbekistonda qadim-qadimdan davom etib kelayotgan etnik xilma-xillik noyob ijtimoiy hodisa ekanini, bu boradagi tarixiy an’analar bugungi kunda Yangi O‘zbekiston sharoitida yangicha ma’no-mazmun bilan boyib borayotganini alohida ta’kidladi. Millatlararo totuvlik, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik muhitida Vatanimiz tom ma’nodagi tinchlik, do‘stlik va mehr-oqibat diyoriga aylanib borayotgani qayd etildi.
Prezident millatlararo munosabatlarni mustahkamlash demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishdagi ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilanganini ta’kidladi. Shu yo‘nalishda davlat siyosati tubdan takomillashtirilib, huquqiy va institutsional asoslari mustahkamlangani, davlat va nodavlat tashkilotlar o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani alohida e’tirof etildi.
Bayram tabrigida ta’kidlanishicha, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 157 ta milliy-madaniy markaz, 42 ta do‘stlik jamiyati hamda xorijdagi 100 dan ortiq vatandoshlar jamoat birlashmalari davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda xalq diplomatiyasini rivojlantirish, do‘stlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasida muhim natijalarga erishmoqda.
Davlat rahbari turli millatlarga mansub yurtdoshlarimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi, davlat boshqaruvi, ta’lim, tibbiyot, ilm-fan, madaniyat, san’at va sport sohalaridagi xizmatlarini yuksak baholadi. Ularning fidokorona mehnati tufayli mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, Prezident O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Tojikiston chegaralari tutashgan hududda “Do‘stlik” stelasining o‘rnatilishi Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik va strategik hamkorlik ruhining mustahkamlanayotganini ko‘rsatishini qayd etdi.
Tahlika va ziddiyatlar kuchayib borayotgan bugungi global sharoitda yagona O‘zbekiston g‘oyasi asosida millatlararo ahillik, barqarorlik va osoyishtalikni mustahkamlash, yosh avlodni ma’naviyatli, bilimli va kasb egasi bo‘lishiga erishish, barcha fuqarolarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish yo‘lida ishlar izchil davom ettirilishi alohida urg‘u bilan ta’kidlandi.
Davlat rahbari o‘z tabrigida barcha yurtdoshlarimizga mustahkam sog‘lik, oilaviy farovonlik, tinchlik-osoyishtalik, Vatanimiz ravnaqi yo‘lidagi fidokorona faoliyatlarida yangi yutuqlar tiladi.
“Barchamiz uchun yagona Vatan bo‘lgan jonajon O‘zbekistonimiz doimo omon bo‘lsin, hamisha gullab-yashnasin!”, deyiladi Prezident tabrigida.


