Toshkentda atmosfera havosining ifloslanishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan Maxsus komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kengaytirilgan majlisga Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva raislik qildi. Unda Toshkent shahri va viloyati hokimlari, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi rahbarlari hamda tegishli idoralar vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, poytaxtdagi ekologik vaziyat doimiy monitoring ostida, davlat organlari esa havo sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni jadallik bilan amalga oshirmoqda. Saida Mirziyoyeva ushbu masala Prezident tomonidan kunlik nazorat qilinayotganini aytib, “xalq salomatligi bo‘yicha sustkashlikka mutlaqo o‘rin yo‘q”, deya qat’iy ogohlantirdi.
Majlis davomida Toshkent va Toshkent viloyatida katta yashil hududlar barpo etish, mavjud bog‘ va parklarni kengaytirish, tabiy suv havzalari atrofini obodonlashtirish hamda yangi sun’iy ko‘llar qurish kabi ekologik loyihalar muhokama qilindi. Yashil maydonlarni ko‘paytirish kelgusi yildanoq sezilarli natija berishi kerakligi qayd etildi.
Shuningdek, sanoat zonalari, issiqxonalar va boshqa potensial ifloslantiruvchi subyektlarda ekologik nazoratni kuchaytirish talabi bildirildi. Tadbirkorlik subyektlariga qonuniy faoliyat yuritishda ko‘mak berilishi, ammo ekologik qoidalarni buzganlarga nisbatan “istisnosiz keskin choralar” ko‘rilishi aytib o‘tildi.
Yig‘ilish yakunida Saida Mirziyoyeva hokimlar va mas’ul idoralarga aniq muddatli topshiriqlar berdi. Unga ko‘ra, havo sifati bo‘yicha hozir amalga oshirilayotgan ishlar tizimli ravishda davom ettirilishi, kelgusi yilda poytaxtda bunday keskin ekologik vaziyat takrorlanmasligi bo‘yicha shaffof va javobgar mexanizm yaratilishi shart.


