“Kommersant” maʼlumotlariga ko‘ra, Kreml ichki siyosiy bloki 2024 yilgi prezidentlik sayloviga tayyorgarlikni boshladi. Amaldagi davlat rahbari Vladimir Putin nomzodi navbatdagi muddatga ilgari surilishi mumkin.
Rossiya prezidentining o‘zi hozircha saylovda ishtirok etish istagini eʼlon qilmagan. Ammo uning administratsiyasi Putin ishtirokini inobatga olgan holda turli ssenariylarni ishlab chiqmoqda.
Qayd etilishicha, tayyorgarlik boshlang‘ich bosqichda va uning aniq mafkuraviy chegaralari hozircha belgilanmagan. Shu bilan birga Putinning saylovoldi dasturida birdamlik g‘oyasi asosiy o‘rin egallashi kutilmoqda.
Vladimir Putin 2000 yilda ilk bor prezident etib saylangan. 2008-2012 yillarda u Rossiya hukumatni boshqargan. 2012 yilda Kremlga qaytgan Putin hozirga qadar davlatni boshqarib kelmoqda.


