Rossiya prezidenti Vladimir Putin Yevropa davlatlari bilan urush niyati yo‘qligini ta’kidladi, biroq agar mojaro Yevropaning o‘zi tomonidan boshlangan taqdirda, Rossiya “hozirning o‘zidayoq javob berishga tayyor” ekanini bildirdi. Uning aytishicha, Yevropa davlatlari Ukraina bo‘yicha muzokaralardan chiqib ketgan va real vaziyatni inobatga olmagan holda Moskva uchun maqbul bo‘lmagan takliflarni ilgari surmoqda.
Putinning fikricha, Yevropa yetakchilari tinchlik bo‘yicha aniq rejaga ega emas va aksincha, AQShning mojaroni yumshatish borasidagi harakatlariga xalaqit bermoqda. Shunga qaramay, Rossiya Yevropa “real sharoitni tan olsa”, ularning muzokaralarga qaytishiga qarshi emasligini qayd etdi.
Qora dengizdagi tankerlarga qilinayotgan hujumlarga to‘xtalib, Putin buni “qaroqchilik” deb atadi. Agar bunday harakatlar davom etsa, Rossiya Ukraina portlariga va ularga kirayotgan kemalarga qarshi zarbalar doirasini kengaytirishini ma’lum qildi.


