Qamchiq dovoni bo‘ylab transport vositalari harakati vaqtincha to‘xtatilgani sababli vodiy viloyatlari va Toshkent shahri o‘rtasida qo‘shimcha temiryo‘l qatnovlari yo‘lga qo‘yildi.
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida vodiy viloyatlariga borishni yoki u yerdan Toshkentga kelishni rejalashtirgan yo‘lovchilar uchun “Pop”, “Temiryo‘lobod”, “Angren” hamda “Ohangaron” vokzallarida qo‘shimcha poyezd reyslari tashkil etildi.
Yo‘lovchilarni vokzallarga yo‘naltirish va tartibli harakatni ta’minlash maqsadida Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshchiligida maxsus ishchi guruhlar faoliyat olib bormoqda. Guruh tarkibiga Transport vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, mahalliy hokimliklar va temiryo‘l xodimlari kiritilgan.
Mas’ul idoralar fuqarolardan vaziyatni inobatga olib, belgilangan yo‘nalishlardan foydalanishni so‘ramoqda.


