A-373 “Toshkent–O‘sh” avtomobil yo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tgan qismida, xususan yo‘lning 151-kilometrida joylashgan “Qor city” hamda “Qor saroy” mavsumiy ko‘ngilochar dam olish maskanlari hududida kuchli qor yog‘ishi kuzatilmoqda. Mavjud ob-havo sharoiti tufayli ushbu hududlarda qor ko‘chishi xavfi yuzaga kelgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Fuqarolar hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish, shuningdek favqulodda holatlarning oldini olish maqsadida mazkur dam olish maskanlari faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Ma’lum qilinishicha, maskanlar faoliyati ob-havo sharoiti barqarorlashib, xavf darajasi pasayganidan so‘ng qayta tiklanadi.


