Qamchiq dovonida bir hafta davomida qor yog‘ishi mumkin. Bu haqda “Qamchiqavtoyo‘l” ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi ogohlantirdi.
Qayd etilishicha, A-373 M-39 Guliston–Bo‘ka–Angren–Qo‘qon–Andijon orqali–O‘sh avtomobil yo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tgan qismida 4 dekabr kunidan boshlab xafta davomida qor yog‘ishi kutilmoqda.
“Qamchiqavtoyo‘l” IYFUK dovon orqali harakatlanayotgan haydovchilardan barcha xavfsizlik choralarini ko‘rishlarini, avtotransport vositalari shinalarini qishkisiga almashtirishlarini tavsiya qilgan.
Ayni paytda Guliston–Bo‘ka–Angren–Qo‘qon–Andijon orqali–O‘sh avtomobil yo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tgan qismining 171–258 kilometrilari oralig‘ida qor yog‘ishni boshlagan.
Dovonda avtotransport vositalarining to‘xtovsiz ikki tomonlama harakatlanishini ta’minlash maqsadida yo‘l qoplamasida sirpanchiq bo‘lmasligi uchun mashina-mexanizmlar yordamida yo‘l qoplamasini qordan tozalash va qum-tuz aralashmasi sepish ishlari amalga oshirilmoqda.


