Bugun, 23-noyabr kuni Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov rahbarligida hududiy xalq ta’limi boshqarma va bo‘limlar, ekspluatatsiya xizmati mas’ullari ishtirokida maktablarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida kuzatilayotgan muammo va kamchiliklar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yig‘ilish avvalida vazir tomonidan xalq ta’limi muassasalarini 2022-2023 yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari joylarda talab darajasida olib borilmayotganligini tanqid qilib o‘tgan.
Xususan, respublika Ishchi guruhi tomonidan Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi “Oybek” mahalla hududida joylashgan 58-son maktab va uning filiallariga 20 tonna yaroqsiz ko‘mir yetkazib berilganligi, isitish qozoni umuman yaroqsiz holatda ekanligi, maktab ota-onalar tomonidan olib kelinadigan o‘tin yordamida, “burjuyka” pechkalarda isitib kelinayotganligi tanqid qilingan.
Viloyatning Qamashi tumanidagi 85-maktab filiali ahvoli ham o‘ta achinarli va ta’mirtalab holatda ekanligi, isitish tizimi yo‘qligi, Namangan viloyati Uychi tumanidagi 4-son maktab qozonxonasidagi taqsimlash qutisida nosozlik aniqlanganligi qayd etilgan.
Yig‘ilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan soha mas’ullariga tegishli intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.


