Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish, bojxona auditi bo‘limi hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar qildi.
Maʼlum bo‘lishicha, Qarshi shahrida joriy yilning 6-noyabr kuni soat 05:30larda Qarshi shahrida joylashgan “Cheburek” choyxonasi oldida fuqaro N.A noqonuniy ravishda pirotexnika vositalari sotayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.
Qayd etilishicha, fuqaro N.A.ga tegishli pirotexnika vositalari boshqarma maʼmuriy binosiga olib kelinib, xolislar ishtirokida to‘liq ko‘zdan kechirilganida umumiy qiymati 8 million 400 ming so‘mlik 42 blokdan iborat “Britanik” va “Treniya" yozuvli noqonuniy pirotexnika vositalari borligi maʼlum bo‘ldi.
Shuningdek, tezkor tadbir davomida Qarshi shahar Chaqar maxallasida yashovchi N.A. Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan 50 blok “Soloveyraz Voynik” nomli taxminiy bahosi 6 million 200 ming so‘m bo‘lgan pirotexnika vositalari ko‘chada sotayotgan vaqtida ushlandi.
Ayni vaqtda har ikkala holat bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilingunga qadar vaqtinchalik saqlovga olindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoroda 8800 dona pirotexnika vositalarini noqonuniy ravishda sotayotgan, Toshkentda “kleksan” dori vositasini noqonuniy muomalaga kiritayotgan shaxslarning qo‘lga olingani, noqonuniy dori vositalari manziliga yetib bormagani hamda zangiotalik fuqaro 91,5 million so‘mlik “Remdesivir” dori vositasini 12 ming dollarga sotishga uringani haqida xabar berilgandi.


