Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan kredit mablag‘lari evaziga xarid qilingan chorva mollari va jihozlarni sotib yuborgan MCHJ rahbarlari aniqlandi. Jumladan, Departamentning Koson tuman bo‘limi tomonidan “Mikrokreditbank” ATB Koson filialining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.
Aniqlanishicha, “R.Z.” MCHJ rahbari B.R. bank filialidan ajratilgan 400 000 AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘lari evaziga xorijdan olib kelingan 201 bosh naslli chorva mollarini boshqa shaxslarga sotib yuborganligi aniqlangan.
Shuningdek, shu kabi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Sh.C.” MCHJ masʼul shaxslari hududiy tijorat banki filialidan ajratilgan kredit mablag‘lari evaziga sotib olingan 16 ta inkubator va yuk tarozi jihozlarining 6 tasini boshqa bir fuqaroga 112 000 AQSH dollariga sotib yuborgani aniqlangan.
Bundan tashqari, Departamentning Buxoro shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda MCHJ rahbari va boshqalar tikuvchilik faoliyatini tashkil etish uchun bank filialidan ajratilgan 2 mlrd so‘m imtiyozli kredit mablag‘ini o‘zi norasmiy boshqarib kelgan boshqa bir MCHJga o‘tkazilib, talon-toroj qilishgani aniqlangan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


