
Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida tez harakatlangan “Cobalt” mashinasi “Lacetti” bilan to‘qnashib ag‘darilib ketgani tasvirlangan video tarqaldi. IIV YHXBB hodisa haqida maʼlumot berdi.
Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 30 avgust kuni soat 14:00 larda davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan 4R89 Qarshi-Talimarjon GRES avtomobil yo‘lining Nishon tumani, “Paxtakor” MFY hududidan o‘tgan 18-kilometrida “Cobalt” va “Lacetti” mashinalari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Taʼkidlanishicha, 1993 yilda tug‘ilgan R.Sh. boshqaruvidagi “Cobalt” tez harakatlanib kelayotganda 1959 yilda tug‘ilgan B.A. boshqaruvidagi “Lacetti” mashinasi uning yo‘liga chiqqan. “Cobalt” haydovchisi “Lacetti” bilan to‘qnashmaslik uchun mashinani o‘ng tarafga burib yuborgan. Oqibatda “Cobalt” mashinasi avval “Lacetti” bilan yengil to‘qnashgan. So‘ng yo‘l chetiga chiqib ketgan va to‘xtab turgan mashinalardan birining tirkamasiga urilib ag‘darilgan.
Oqibatda “Cobalt” mashinasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan shaxs tan jarohatlari olib shifoxonaga olib ketilgan.
Hozirda mazkur hodisa yuzasidan Nishon tumani IIB YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkentda PPX mashinasi YTH sodir etgani, Qoraqalpog‘istonda Qozog‘iston fuqarosi YTHga uchrab, vafot etgani hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti binosi ro‘parasida mudhish YTH sodir bo‘lgani xaqida xabar bergan edik.


