Ijtimoiy tarmoqlarda Qibray tumanida bir guruh shaxslar o‘rtasida janjal aks etgan videolar tarqaldi. Toshkent viloyati IIBB ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video bo‘yicha izoh berdi. Hodisa Toshkent viloyati IIBB tomonidan to‘liq nazoratga olingan va barcha ishtirokchilar jalb qilingan holda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Toshkent viloyati IIBB ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 4-yanvar kuni X.Sh. (1982-y.t.) va Sh.M. (2003-y.t.) Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani hududida transport vositalari orqali harakatlanish vaqtida yo‘l talashuvi sabab janjallashgan. Oradan ikki kun o‘tib, 6-yanvar kuni ular telefon orqali kelishib, Qibray tumani, “Sohibkor” MFY hududida uchrashgan.
Uchrashuv davomida Sh .M. ning qarindoshlari ham qo‘shilishi natijasida mojaro mushtlashuvga aylangan. Videoda ularni ajratayotgan qo‘shnilar ham ko‘rinib, voqea “ommaviy mushtlashuv” ta’sirini uyg‘otgan.
Hozirda janjalga aloqador 5 kishi jinoyat ishiga jalb qilingan va tergov harakatlari davom etmoqda. Jarayon Toshkent viloyati IIBB nazoratida bo‘lib, qonun ustuvorligi ta’minlanmoqda. Tergov yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi bildirildi.


