Hozirda Maxsus komissiya atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalarni bartaraf etishga qaratilgan reyd tadbirlarini davom ettirmoqda. Navbatdagi reyd Qibray tumanida tashkil etilib, unda Maxsus komissiya rahbariyati ishtirok etdi.
Reyd davomida tuman mas’ullari bilan birgalikda hududdagi issiqxonalar faoliyati o‘rganildi va amalga oshirilayotgan tadbirlarning samaradorligi tanqidiy muhokama qilindi.
“Obod” mahallasida joylashgan 5 gektar maydondagi issiqxonada to‘qqizta qo‘lda yasalgan qozon va filtrlash uskunalari tekshirildi. Mas’ul shaxslarga ikki kun ichida standartlarga mos filtrlar o‘rnatish topshirildi.
“Oltin Chinor Agro” MChJga tegishli 2 gektar maydondagi issiqxona faoliyati ham o‘rganildi. Tadbirkorga chang va gazni tozalash uskunalarini o‘rnatishda amaliy yordam ko‘rsatiladi, mas’ullarga faoliyatning ekologik talablarga mosligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Maxsus komissiya rahbariyati Qibray tumanidagi issiqxonalar ekologik talablarga qat’iy rioya qilishi ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi. Reyd tadbirlari davom etmoqda.


