Xalq demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatov farg‘onalik saylovchilar bilan uchrashdi. Siyosatchi o‘z dasturidagi taklif-tashabbuslar haqida atroflicha maʼlumot berdi.
Xususan, qimmatbaho mol-mulk uchun soliq joriy etish, bunda miqdori qonun bilan belgilangandan yuqori uy-joy, avtotransport yoki boshqa mol-mulk mulkdorlaridan ushbu soliqning undirilishini nazarda tutish taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, Ulug‘bek Inoyatov taʼlim va ilm-fan bilan bog‘liq qator tashabbuslarni ham ilgari surmoqda:
-
maktablar o‘quv dasturlarida chet tillari va IT bo‘yicha o‘quv soatlarini keskin ko‘paytirish;
-
maktab o‘quvchilari uchun jamoat transportlaridan foydalanishda tabaqalashgan tariflarni joriy qilish;
-
talabalarning darsni o‘zlashtirishi va ularning innovatsion faoliyatda ishtirokiga qarab, stipendiyalar miqdorini belgilash;
-
turar joy ijarasi uchun kompensatsiya tizimini doktorantlarga nisbatan ham joriy etish;
-
olis qishloqlardagi bolalar uchun mo‘ljallangan madaniyat muassasalari, sport inshootlari, “Barkamol avlod” markazlari, musiqa va sanʼat maktablarining faoliyatini yana-da rivojlantirish.


