Qirgʻiziston Respublikasi Hindistondan ayrim turdagi hayvonlar va chorvachilik mahsulotlari importiga vaqtinchalik taqiq joriy etdi. Mazkur cheklovlar 28-yanvardan kuchga kirdi, deb xabar berdi Qirgʻiziston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat vazirligi matbuot xizmati.
Maʼlum qilinishicha, cheklovlar Nipah virusiga moyil hayvonlar, shuningdek, ular bilan bogʻliq chorvachilik mahsulotlarini olib kirishni qamrab oladi. Ushbu qaror mamlakat hududida virus tarqalishining oldini olish hamda veterinariya-sanitariya xavfsizligini taʼminlash maqsadida qabul qilingan.
Nipah virusi xavfli zoonotik infeksiya hisoblanib, hayvonlardan odamlarga yuqishi mumkin. Shu munosabat bilan Veterinariya, chorvachilik, yaylov va ozuqa ishlab chiqarish xizmati aholini kelib chiqishi nomaʼlum boʻlgan chorvachilik mahsulotlarini xarid qilmaslikka, shuningdek mahsulotlarga ilova qilingan veterinariya hujjatlarining mavjudligiga alohida eʼtibor qaratishga chaqirdi.
Vakolatli idoralar vaziyat doimiy nazorat ostida ekanini, epidemiologik holatga qarab cheklovlar muddati qayta koʻrib chiqilishini maʼlum qildi.


