Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov mamlakat zarur bo‘lganda butun tashqi qarzini bir kun ichida to‘lash imkoniyatiga ega ekanini, biroq bunday qaror iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emasligini ma’lum qildi. Bu haqda u 8-chaqiriq Jogorku Keneshining birinchi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida ta’kidladi.
Davlat rahbarining qayd etishicha, Qirg‘iziston iqtisodiyoti barqaror o‘sib bormoqda, tashqi qarz darajasi esa sezilarli darajada kamaygan. Xususan, 2020-yilda davlat qarzi yalpi ichki mahsulotning 54 foizini tashkil etgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 25 foiz atrofida.
Prezidentning aytishicha, mamlakat iqtisodiyoti uchun tashqi qarz xavf tug‘dirmaydi. Shu bilan birga, ilgari olingan kreditlarni muddatidan oldin to‘lash yuqori foiz stavkalari va jarimalar sababli foydasiz hisoblanadi. Rejalarga ko‘ra, Qirg‘iziston 2035-yilga kelib avvalgi qarz majburiyatlarini to‘liq va muammosiz bajaradi.
Shuningdek, Sadir Japarov mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari 8,5 milliard dollardan oshganini ma’lum qildi. Taqqoslash uchun, besh yil avval bu ko‘rsatkich 2 milliard dollardan biroz ko‘proqni tashkil etgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Qirg‘izistonning umumiy davlat qarzi 8,6 milliard dollarni tashkil etadi. Shundan qariyb 5,2 milliard dollari xorijiy qarzlardir. Prezident iqtisodiyot o‘sish sur’ati 10 foizni tashkil etayotganini qayd etib, bu Qirg‘izistonni dunyodagi eng tez rivojlanayotgan uchta iqtisodiyot qatoriga olib chiqayotganini ta’kidladi. Yil yakuniga qadar konsolidatsiyalangan byudjet hajmi 1,2 trillion somga yetishi kutilmoqda.


