Qirgʻizistonda bir guruh jamoat va siyosiy arboblar joriy yilda muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini oʻtkazish tashabbusi bilan chiqdi. Tegishli murojaat davlat rahbari hamda Jogorku Kenesh spikeriga yoʻllangan boʻlib, hujjatni 75 nafar shaxs — sobiq bosh vazirlar, parlament aʼzolari, olimlar hamda madaniyat sohasi vakillari imzolagan. Bu haqda Kaktus media nashri xabar berdi.
Tashabbus mualliflari prezidentlik vakolat muddati bilan bogʻliq huquqiy masalalar yuzasidan jamiyatda turli talqinlar mavjudligini taʼkidlab, siyosiy barqarorlikni taʼminlash hamda ijtimoiy bo‘linishlarning oldini olish maqsadida saylovlarni imkon qadar tezroq oʻtkazishni taklif etgan.
Ularning fikricha, Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishlardan so‘ng prezidentlik muddati bo‘yicha huquqiy noaniqlik yuzaga kelgan. Ayrim huquqshunoslar amaldagi rahbar olti yillik muddatni yakunlashi kerakligini aytsa, boshqalar besh yillik yangi tizimga o‘tishni maʼqul deb hisoblamoqda.
Shuningdek, murojaatda so‘nggi yillarda mamlakatda qator ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilgani qayd etilgan. Jumladan, qo‘shni davlatlar bilan chegaraviy masalalarni hal qilish, armiya salohiyatini oshirish hamda korrupsiyaga qarshi kurash doirasida budjet tushumlarini ko‘paytirish borasida natijalarga erishilgani taʼkidlangan.
Biroq tashabbuskorlar mamlakat oldida hali ham muhim muammolar mavjudligini bildirgan. Xususan, davlat qarzining ortib borayotgani, qashshoqlik darajasi hamda yoshlarning xorijga chiqib ketishi masalalari dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Prezident maʼmuriyati mazkur murojaat yuzasidan hozircha rasmiy izoh bermagan.


