Qirg‘izistonda muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga chaqiruvchi petitsiyaga imzo chekkan fuqarolar yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati maʼlum qildi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, petitsiyani imzolagan 75 nafar fuqaro tergov doirasida so‘roq qilish uchun olib kelingan. Ulardan uch nafari vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan. Keyinchalik yana ikki fuqaro ham hibsga olingani bildirilgan.
OAV xabarlariga ko‘ra, jumladan AKIpress maʼlumotida hibsga olinganlar orasida "Xalq parlamenti" koordinatori va Bosh vazir apparatining sobiq rahbari Bekbolot Talgarbekov, Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Emilbek Uzoqbayev va Prezidentning Jogorku Keneshdagi (parlament) sobiq vakolatli vakili Kurmanbek Dyikanbayev borligi aytilgan.
Shuningdek, keyingi tezkor tadbirlar davomida Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Kursan Asanov hamda O‘sh viloyatining sobiq gubernatori Aali Karashev ham qo‘lga olingani qayd etilgan.
Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchilar Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 278-moddasi — ommaviy tartibsizliklar bilan bog‘liq jinoyat alomatlari asosida tergov qilinmoqda.
Mazkur petitsiya mamlakat rahbariyati, jumladan Prezident Sadir Japarov hamda Jogorku Kenesh raisi Nurlanbek Turgunbek uulu nomiga yo‘llangani aytilgan.
Petitsiya mualliflari 2021 yilda qabul qilingan yangi Konstitutsiya amaldagi prezident vakolat muddati bo‘yicha huquqiy noaniqliklar keltirib chiqarganini taʼkidlab, muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish siyosiy kelishmovchiliklarning oldini olishi mumkinligini bildirgan.
Shu bilan birga, murojaatda hukumatning ayrim yutuqlari bilan bir qatorda davlat qarzining oshishi, inflyatsiya va migratsiya darajasining ortishi kabi muammolar ham qayd etilgan.


