1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

Qirg‘izistonga olib boruvchi yashirin tunnel qazigan jinoiy guruh ushlandi

Ular salkam 1,7 mln AQSH dollarini olib o‘tmoqchi bo‘lgan payt qo‘lga olingani aytilmoqda.

Qirg‘izistonga olib boruvchi yashirin tunnel qazigan jinoiy guruh ushlandi

 

DXX matbuot xizmatining xabar berishicha, Andijon va Namanganda yashirin tunnel qazib, chet el valyutalarini xorijga chiqarish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh qo‘lga olindi.

 

Ular salkam 1,7 mln AQSH dollarini tunnel orqali Qirg‘izistonga olib o‘tmoqchi bo‘lgan vaqtda ushlangan.

 

Xabarda keltirilishicha,  Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani Qorasuv shahridagi “Z.M.Bobur” MFYda yashovchi shaxsning hovlisida eni 1 metr, chuqurligi 12-12,5 metr va uzunligi 150 metr bo‘lgan Qirg‘izistonga noqonuniy o‘tish uchun maxsus yer osti yo‘l qazilgan.

 

Shuningdek, mazkur tumanning “Birlik” MFYda guruh aʼzolaridan yana biriga tegishli xonadon hovlisida esa eni 1 metr, chuqurligi 10-12 metr, uzunligi 400-420 metr atrofidagi ikkinchi yer osti yo‘li borligi aniqlangan. Ushbu yer osti yo‘liga qo‘lbola po‘lat izlarda harakatlanuvchi kichik hajmli, elektrodvigatelli aravacha o‘rnatilgan.

 

Jinoiy guruh odamlarning eʼtiboriga tushmaslik maqsadida, o‘zaro muloqotda shartli so‘zlashuv usulidan foydalanishgan. Andijondagi “Do‘stlik” chegara-bojxona postidan deklaratsiya to‘ldirgan holda katta miqdordagi valyuta qimmatliklarini O‘zbekistonga olib kirib, so‘ngra pullarni yer osti yo‘li orqali Qirg‘izistonga qaytarib, olib chiqib ketishgan.

 

Jinoiy guruh 2 nafar O‘zbekiston va 6 nafar Qirg‘iziston fuqarolaridan iborat bo‘lib, unga 1974 yilda Qirg‘izistonda tug‘ilgan fuqaro bosh bo‘lgan.

 

Guruh aʼzolariga sud hukmi o‘qildi. Ushbu guruh aʼzolari 6 yildan 8 yilgacha qamaldi.

 

Bundan tashqari, yana bir tezkor tadbirda Qo‘rg‘ontepa tumanining Qorasuv shahridagi “Z.M.Bobur” MFYda yashovchi boshqa bir fuqaroning uyida ham qo‘shni davlat hududiga olib o‘tuvchi yashirin yer osti yo‘li borligi maʼlum bo‘ldi.

 

U ham qirg‘izistonlik shaxslar bilan o‘zaro til biriktirib, o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasini ajratib turuvchi “Shahrixonsoy” kanali ostidan o‘tuvchi, chuqurligi taxminan 16 metr, uzunligi 70 metr bo‘lgan yer osti yo‘li qazib, uni maxsus elektr yoritgich tizimi va kislorod bilan taʼminlovchi uskunalar bilan jihozlagan.

 

Hozirda mazkur fuqaroga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика