Nima ham bo‘ldi-yu, yaqinda “kulrang kardinallar”, jumladan, Brejnev davrining “ikkinchi odami” deya ataladigan Mixail Suslov haqida maqola yozish maqsadida internetni titkilab o‘tirgandim, “Uch baqaloq” filmining rejissyor Aleksey Batalovning 1989 yilda bergan intervyusiga ko‘zim tushib qoldi. U o‘z so‘zida Mixail Suslov bilan ko‘p yillik kelishmovchilik tufayli uni parodiya qilish istagi tug‘ilganini ta’kidlagan. Aktyor Viktor Sergachyov ham 1993 yildagi intervyusida aynan Suslovni parodiya qilganini aytgan. 1993 yilda rejissyor Igor Gostev “Seriye volki”(“Kulrang bo‘rilar”) deb nomlangan siyosiy filmni suratga olganida ham Mixail Suslov roligа Viktor Sergachyovni taklif qilgani ham bejiz emas. Suratga olish jarayonida jurnalistlar Sergachyovdan intervyu olishadi. O‘shanda u “Uch baqaloq” filmida Mixail Suslovga taqlid qilib, uning nutq so‘zlashi, omma bilan muloqoti, u aytgan shiorlarni parodiya qilganini aytgan edi.
Shu o‘rinda Xrushchevni hokimiyatdan ag‘dargan, ammo taklif bo‘lishiga qaramay o‘zi Bosh kotib, hatto SSSR Oliy Soveti Prezidiumi raisi lavozimlaridan bosh tortgan Mixail Suslov haqida ikki og‘iz so‘z. U havo issiq bo‘lishiga qaramay kalosh (kalish emas, tuflining bir turi), plasch va shlyapa kiyib yurar edi. Bu vaqtda kalosh modadan chiqqan, katta shaharlarda hech kim kiymasdi. U tushgan mashinaning oynalari tushirilmagan bo‘lishi, konditsioner ishlatilmagan bo‘lishi kerak edi. E’tiborli jihati mashina tezligi soatiga 60 kilometrdan oshmasdi. Pal’tosi shu qadar eski ediki, bir kuni Brejnev Politbyuro majlisida “o‘n rubl’dan yig‘ib Suslovga yangi pal’to olib beraylik”, degan ekan. Shundan so‘ng Suslovning o‘zi yangi pal’to sotib olgani ayni haqiqat. Aytishlaricha,Suslov ishga hech qachon kechikib kelmagan. U ishga roppa-rosa 8:59 kelib, ishdan roppa-rosa 17:01da ketgan. 35 yil davomida bu tartib aslo o‘zgarmagan. Xorijga safaridan so‘ng qolgan valyutani partiya kassasiga topshirgan. Hech qachon sovg‘a olmagan. Spirtli ichimlik ichmagan va sigaret chekmagan. Sigaret tutuniga toqati yo‘q edi. Hatto Brejnev ham undan berkitib sigaret chekani aytiladi. Kremlda bo‘ladigan tadbirlarda unga aroq o‘rniga suv berishardi. Shaxsiy buyumi bo‘lmagan. Uyidagi barcha jihozlarda “Upravlenie delami TsK KPSS” degan yorliq bo‘lardi. 1981 yili SSSR Fanlar Akademiyasidagi bir guruh laganbardorlar KPSS MK Bosh kotibi Leonid Brejnevnı akademiklikka saylashga qaror qilishdi. Biroq ularning oldilarida bir muammo turardi: Leonid Ilich bunga rozi bo‘lishi aniq, ammo bu tashabbusni sovet jamiyati qanday kutib oladi? Mas’uliyatini o‘zidan so‘qit qilish maqsadida SSSR FA prezidenti Anatoliy Aleksandrov partiyadagi “ikkinchi shaxs” Mixail Suslov bilan maslahatlashishga qaror qildi. FA ijtimoiy fanlar bo‘yicha vitse-prezidenti Petr Fedoseyev bilan Suslovni oldiga yo‘l olishadi. Ular Brejnev va Suslovni akademiklikka saylash niyatini aytishganida Suslov ularning taklifiga keskin qarshi chiqadi. Suslov ularga KPSS MKning “partiya va davlat rahbarlari SSSR FA a’zoligiga saylanishi mumkin emas”ligi borasidagi qarorini eslatadi. 1964 yil oktyabrida SSSRda hokimiyat o‘zgaradi. Bunda so‘zsiz Suslovning xizmati katta bo‘lgan. Ko‘pchilik uni “apparatdagi intrigalar ustasi” deya ta’riflardi. Buni tarixi bor: 1952 yilda 12 yillik tanaffusdan so‘ng partiya 19-s”ezdi bo‘lib o‘tadi. S”ezd VKP(b) nomini KPSS deb o‘zgartiradi. MK tarkibi 125 a’zo va 110 a’zolikga nomzodga ko‘paytiriladi. 9 a’zodan iborat KPSS MK Politbyurosi o‘rniga 25 a’zo va 11 nomzoddan iborat Prezidium tashkil qilinadi. Shuningdek Prezidium Byurosi tashkil qilinib unga besh kishi Stalin — Malenkov — Beriya — Xrushchyov — Bulganin kiritiladi. Shuni aytish kerakki, s”ezdda partiya Bosh kotibi saylanmaydi. Hatto Stalin ham partiya kotibi darajasiga tushiriladi. Stalin o‘limidan keyin Xrushchyov uddaburonlik bilan partiya rahbarligini egallaydi. Ammo har bir nutqida o‘sha vaqtda katta kuch bo‘lgan Ministrlar soveti raisi Malenkov nomini tilga oladi. 1957 yilda Molotov–Malenkovning “aksipartiyaviy guruhi” fosh qilinishida Suslovning xizmati katta bo‘lgan. Eng qizig‘i 1964 yil oktyabrda Xrushchyovning ishdan olinishiga ham Suslov bosh-qosh bo‘lgan. “N. S. Xrushchyovning noto‘g‘ri harakatlari munosabati bilan Markaziy qo‘mita Prezidiumidagi g‘ayritabiiy vaziyat to‘g‘risida” ma’ruza bilan chiqqan edi. Keyinchalik u Brejnevnı ham mansabidan olmoqchi bo‘lganida Brejnev Kiyevga ketib qolgani, Suslov qilgan xatosini tan olib undan kechirim so‘rash uchun Kiyevga borgani haqida gap so‘zlar bo‘ldi. Ammo bu haqdagi birorta mish-mishga matbuotda ko‘zim tushmadi. Ammo uni maqtashga shoshilish kerak emas. 1987 yilda KPSS MK Politbyurosi tashkil qilgan komissiya materiallarida 30-40 yillar va 50-yillar boshlaridagi qatag‘onda Rostov obkomi rahbari sifatida Suslov ommaviy qatag‘onlarda ishtirok etgani ta’kidlanadi.
1964 yil oktyabrda bo‘lib o‘tgan KPSS MK Plenumidan so‘ng Suslov partiya va davlat boshqaruvida ikkinchi shaxsga aylandi. Suslov KPSS MK kotibi sifatida propaganda(targ‘ibot), madaniyat, informatsiya, fan va o‘quv muassasalari bo‘limlari, shuningdek ikkita xalqaro bo‘limga ma’sul edi. Uning qo‘liga Sovet armiyasi va harbiy dengiz kuchlarining Bosh Siyosiy boshqarmasi, Madaniyat va Ma’rif vazirliklari, Davlat teleradio qo‘mitasi, Kinematografiya, Nashriyot, Davlat qo‘mitalari, Glavlit (tsenzura), TASS, Yozuvchilar, Rassomlar, Jurnalistlar, kompozitorlar ijodiy uyushmalari, “Znanie”(“Bilim”) jamiyati, va hatto turizm qarardi. Umuman ideologiya (mafkurа) bilan bog‘liq barcha sohalar Suslov tomonidan nazorat qilinardi.
Yana bir narsani aytish kerakki, Leninning “shiorlar bilan kommunizm qurib bo‘lmaydi” degan so‘zlarini bila turib, Suslov iqtisodiy islohotlardan ko‘ra partiyaviy propaganda(targ‘ibot)ni kuchaytirdi. Ayrim tahlilchilar, SSSRning parokanda bo‘lishiga bilvosita Suslovning xizmati borligini aytishadi.
Ministrlar Soveti raisi bo‘lgan Kosigin keng qamrovli islohotlarga kirishadi(keyinchalik Xitoyda Dyan Syapin aynan uning ishini davom ettiradi va Xitoyni yuksaklikka olib chiqadi). Kosigin islohotlari tufayli milliy daromad har yili 7,8 foizga oshib bordi. Odamlarning turmush darajasi oshib bordi—inflyatsiya qisqardi, maoshlar oshdi, uy-joy qurilishi avj oldi, odamlapr uyida televizor, xolodilnik, kir yuvish mashinalari, mebel va avtomobillar paydo bo‘la boshladi. Aholi punktlari gazlashtirila boshlandi. Yirik korxonalar, jumladan Tol’yattida avtomobil zavodi qurildi, mamlakat Yagona energosistemaga birlashdi. Sanoat ishlab chiqarish 50 foiz ko‘paydi. Odamlarda kommunizmga ishonchi ortdi. G‘arb endilikda Sovet Ittifoqining nafaqat harbiy, balki iqtisodiy qudratidan ham xavotirga tusha boshladi. Ammo islohotlarni to‘xtatishga qaror qilishdi. Chunki islohotlar muqarrar ravishda ijtimoiy tabaqalanishga olib kelgan edi — yaxshiroq ishlaganlar ko‘proq haq olardi. Bosh mafkurachi Suslov sovet odamlari barcha sohalarda teng bo‘lishi kerakligini talab qildi. Suslov jamiyatda yaxshi maoshli, yuqori malakali va "o‘zini anglaydigan" ishchilar qatlamining paydo bo‘lishi muqarrar ravishda ularning o‘z muammolarini hal qilish uchun talablar yanada kuchayishini yaxshi bilardi. Bu o‘z navbatida jamiyatning demokratizatsiyalashuviga olib kelardi. Bu voqea Chexoslovakiyada yuz berdi. 1968 yildagi “Praga bahori”dan so‘ng Kasigin islohotlaridan voz kechildi, Sovet Ittifoqi “neft ignasi”ga o‘tirib qoldi. Neftdan olingan daromad evaziga odamlarning qorni to‘ydirildi. “Hech narsani o‘zgartirmasdan ham odamlar munosib hayot kechirishi mumkin”, degan homha’yol siyosat olib borildi.
Brejnevning kuyovi Yuriy Churbanov Suslovni “ayyor va topqir siyosatchi” deb atagan edi.
Qizil maydondagi GUM (Bosh universal magazin) Suslovga yoqmasdi. GUMni ko‘rgazmalar zaliga aylantirmoqchi bo‘lganida, shaxsan Brejnevning aralashuvi bilan bu ish amalga oshmay qolgan.
Suslovni bilganlar u munozaralarni yoqtirmaganligini aytishadi. Suslov hurfikrli insonlarga bosim o‘tkazganini hamma ham bilavermasa kerak. Sovet talabalarі aynan Suslovning talabi bilan “ilmiy kommunizm”ni majburan o‘qitilganini yoddan chiqarish kerak emas. Hatto filmlarni o‘z nazoratiga oldi. Biroq shaxsan Leonid Brejnevnіng xizmatlari bilan ko‘plab kinolarning “hayoti” saqlab qolindi. Jumladan Leonid Gaydayning “Kavkaz asirasi” aksilsovet va axloqsiz film deb topildi. Biroq qandaydir sabab bilan Brejnev tomosha qilib, ijobiy fikr aytganidan so‘ng bu film haqida hech kim salbiy fikr bildirmaydigan bo‘ldi.
Har gal sovet rahbariyatining Sovet Ittifoqi halokatiga sabab bo‘ladigan biror bir harakatini ko‘rar ekanmiz, beixtiyor Suslov ismini eslaymiz. Mamlakatni vayron qiluvchi repressiyalar, harbiy bosqinlar, islohotlardan yuz o‘girish, hurfikrlilarga qarshi doimiy kurashlar, aql egalari mamlakatdan haydash, taqiqlar — bu harakatlar ortida bosh mafkurachi, uzunbo‘yli (bo‘yi 190 sm) Suslov turganini bilamiz. Agar Suslov tirilib, qabrdan chiqib bugungi hayotni ko‘rganida bormi, “jahondagi birinchi sotsialistik davlat”ni kim parakonda qilganini anglab yetgan bo‘larmidi?
Sharofiddin To‘laganov


