1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

“Qopqoq masalasida muammo bo‘lmagandi” - Buxoroda 5 yashar qizaloq hojatxona qudug‘ida halok bo‘ldi

G‘ijduvon tumanida 44 yoshli erkak 2023-yilda ko‘cha bo‘yida hojatxona chiqindilariga mo‘ljallangan 3 metrli quduq kovlatgan. Ammo u chuqurlikning og‘zini maxsus qopqoq bilan yopmagan, faqat atrofini betonlab, chelak to‘ntarib qo‘ygan. Qizaloq esa uning ustiga chiqib, pastga tushib ketgan.

“Qopqoq masalasida muammo bo‘lmagandi” - Buxoroda 5 yashar qizaloq hojatxona qudug‘ida halok bo‘ldi

 

Buxoroda 5 yoshli qizaloq ehtiyotsizlik qurboni bo‘ldi. Zamon.uz sud hujjati bilan tanishdi.

 

Sud hukmida keltirilishicha, 44 yoshli M.N. 2023-yilda G‘ijduvon tumanida oilasi uchun uy-joy qurdirgan. So‘ng hojatxona chiqindilarini oqizib yuborish maqsadida umumiy foydalanishda bo‘lgan ko‘cha bo‘yida 3 metrli quduq qazitgan. 2025-yil 6-sentabr kuni, soat 18:20 larda M.N.ga qo‘shni bo‘lgan Q.A.ning qizi shu ko‘chada o‘ynab yurib chelak ustiga chiqqan va quduq ichiga tushib ketgan. Oqibatda, qizaloq o‘tkir zaharlanishdan vafot etgan. 

 

“Moddiy holatim tufayli quduq og‘zini yopish uchun maxsus qopqoq sotib olmagandim.  Ustalar quduqning atrofini beton qorishmasi bilan qoplash vaqtida bo‘yoq chelagini ag‘darib qo‘ygandi. Bundan maqsad - beton qorishmasi quduq ichiga sizib o‘tishini oldini olish edi. Chelakni olib maxsus qopqoq o‘rnatmoqchi edik. Oradan yillar o‘tgan bo‘lsa ham bu ishni qilolmadim. Lekin shu paytgacha qopqoq masalasida birorta muammo bo‘lmagandi”, - deydi u suddagi ko‘rsatmasida.

 

Shuningdek, M.N. marhuma qizning otasi bilan o‘rtalarida adovat yoki kelishmovchilik bo‘lmaganini qayd etib, suddan yengillik so‘ragan. Jabrlanuvchi tomon esa quduqqa chelak ag‘darib qo‘yilganiga eʼtibor bermaganini, qo‘shnisiga daʼvosi yo‘qligini bildirgan.

 

2026-yil 16-yanvar kuni JIB G‘ijduvon tuman sudi sudlanuvchi M.N. Jinoyat Kodeksining 102-moddasi 1-qismi (ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish) bilan aybli deb topilib, unga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

 

Qayd etish lozim, Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 342-sonli qaroriga ko‘ra, ko‘chalar bo‘yida harakat xavfsizligini taʼminlashga taalluqli bo‘lmagan bino va inshootlarni qurish taqiqlangan, kommunikatsiya tarmoqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l to‘shamasida joylashtirish mumkin emas.

 

Shahzod O‘roqboyev

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика