1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Sport

Qora qitʼada futbol bayrami bo‘lib o‘tmoqda

Afrika Kubogining dastlabki tur o‘yinlarida qanday natijalar qayd etildi?

Qora qitʼada futbol bayrami bo‘lib o‘tmoqda

 

9-yanvardan Afrikalar Kubogi start oldi. Unda 24 ta jamoa g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.

 

Maʼlumot uchun: Ushbu musobaqa 1957-yildan buyon o‘tkazilib kelinadi. Birinchi turnir Sudan davlatida tashkil etilgan bo‘lib, unda Misr, Sudan va Efiopiya jamoalari ishtirok etgan. Natijada, final uchrashuvida Misr terma jamoasi Efiopiyani 4:0 hisobida mag‘lub etib, g‘alabani qo‘lga kiritgan. Ushbu turnirda eng ko‘p g‘alaba qozongan ham Misr termasi hisoblanadi. Misrliklar 7 bor musobaqa bosh sovriniga ega chiqishgan. 2019 yil bo‘lib o‘tgan so‘nggi Afrika Kubogining final uchrashuvida Jazoir va Senegal jamoalari o‘zaro to‘qnash kelgan. Natijada, jazoirliklar 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, bosh sovrinni qo‘lga kiritgan.

 

Bu galgi musobaqaga Kamerun davlati mezbonlik qilyapti. Hozirda chempionatning birinchi tur o‘yinlari davom etmoqda.

 

A guruhi:

 

Ushbu guruhda Kamerun, Efiopiya, Kabo-Verde va Burkina-Faso terma jamoalari joy olgan. 9-10 yanvar kunlari guruhning birinchi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Unda Kamerun Burkina-Faso bilan bahs olib borgan bo‘lsa, Efiopiya Kavo-Verde bilan to‘qnash keldi. Kamerun – Burkina Faso o‘yinida mezbonlar hisobda orqada borishiga qaramay, Vensan Abubakarning penaltidan kiritgan ikkita goli evaziga 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Guruhning ikkinchi uchrashuvida Kabo- Verde termasi kichik hisobdagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. O‘yinning 12-daqiqasida Efiopiya termasi aʼzosi Yared Baye qizil kartochka olib maydonni tark etdi. Shu tariqa kabo-verdeliklarda o‘yinni o‘z foydalariga hal qilishga yaxshi imkoniyat paydo bo‘ldi. Birinchi turdan so‘ng guruhda mezbonlar birinchi o‘rinni egallab turibdi. Ikkinchi pog‘onada Kabo-Verde termasi bormoqda. 3-4-o‘rinlardan Efiopiya va Burkina-Faso jamoalar joy olgan.

 

B guruhi:

 

B guruhining birinchi tur o‘yinlari kecha bo‘lib o‘tdi. Mazkur guruhdan Senegal, Zimbabve, Gveniya hamda Malavi termalari o‘rin olgan. Guruhning dastlabki o‘yini Senegal va Zimbabve o‘rtasida o‘tkazildi. Murosasiz o‘tgan o‘yinda jamoa yetakchisi  Sadio Manening 90+7-daqiqada kiritgan goli evaziga Senegal o‘yinni o‘z foydasiga hal qildi. Guruhdagi ikkinchi bahsda Gveniya 35-daqiqada Issiaga Silla kiritgan gol hisobiga Malavidan ustun keldi va uch ochkoni qo‘lga kiritdi. B guruhida Senegal va Gveniya uch ochko jamg‘argan holda peshqadam bo‘lib turibdi. Keyingi 3 va 4-o‘rinni Zimbabve va Malavi termalari egallagan.

 

C guruhi:

 

Bu guruhda Gabon, Marokash, Komor orollari hamda Gana termasi peshqadamlik uchun kurashni boshladi. Ushbu guruhda ham kecha musobaqaning dastlabki o‘yinlari o‘tkazildi. Unda Marokash Gana bilan Komor orollari esa Gabon bilan bahs olib bordi. Marokash futbolchisi Sofian Bufalning 83-daqiqada kiritgan goli marokashliklarning Gana ustidan g‘alaba qozonishiga zamin yaratdi. Komor orollari Gabon to‘qnashuvida gabonliklar kichik hisobda raqibidan ustun keldi. Hozirda bu guruhda Marokash va Gabon termasi peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, keyingi o‘rinlarni Komor orollari hamda Gana jamoalari egallagan.

 

D guruhi:

 

Afrika Kubogining D guruhidan Nigeriya, Gveniya-Bisau, Sudan hamda Misr termalari joy olgan. Ushbu guruhning birinchi o‘yini kecha Nigeriya va Misr o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Keskin va murosasiz kechgan bahsda Nigeriya 1:0 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. “Liverpul” yulduzi Muhammad Saloh boshchiligida Misr jamoasi birinchi o‘yindayoq mag‘lubiyat alamini tortib ko‘rdi. Mazkur guruhning ikkinchi o‘yini bugun bo‘lib o‘tadi. Unda Gveniya-Bisau hamda Sudan bahs olib boradi.

 

E guruhi:

 

Musobaqaning bu guruhida Jazoir, Serra-Leone, Kot-dʼIvuar hamda Ekvatirial jamoalari o‘rin olgan. Kecha bo‘lib o‘tgan guruhning birinchi o‘yini durang natija bilan yakunlandi. Unda Jazoir va Serra-Leone jamoalari to‘qnash keldi. Bugun Kot-dʼIvuar Ekvatirial ishtirokidagi guruhning ikkinchi bellashuvi bo‘lib o‘tadi.

 

Chempionatning F guruhi jamoalari ishtirokidagi o‘yinlar ham bugun o‘tkaziladi. Ushbu uchrashuvlarda Mavritaniya Gambiyaga, Tunis esa Maliga qarshi maydonga tushadi.

 

Eslatib o‘tamiz, Afrika Kubogi 7-fevralga qadar davom etadi.

 

Jamshidbek Amirov

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика