Tog‘li Qorabog‘ armanlari o‘z uylarini tark etishga qaror qilishlari mumkin, buning ehtimoli katta. Bu haqda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan xalqqa murojaati chog‘ida aytib o‘tdi.
“Tog‘li Qorabog‘ armanlari hali ham etnik tozalash xavfiga duch kelishmoqda. So‘nggi kunlarda Tog‘li Qorabog‘ga gumanitar yordam yetib keldi, ammo bu vaziyatni o‘zgartirmaydi”, — dedi Pashinyan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, rasmiylar zarur hollarda Tog‘li Qorabog‘dan kelgan vatandoshlarni Armanistonga qabul qilishga tayyor.
“Agar saʼy-harakatlar aniq natija bermasa, hukumatimiz Tog‘li Qorabog‘lik birodarlarimizni mehr bilan kutib oladi”, — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, 19 sentyabr kuni Tog‘li Qorabog‘da yana bir keskinlik boshlandi. Boku mahalliy aksilterror choralari boshlanganini eʼlon qildi va arman harbiylarini mintaqadan olib chiqib ketishni talab qildi. Yerevan Qorabog‘da arman qurolli kuchlari yo‘qligini taʼkidladi. Yerevan aholisi Armaniston hukumati binosi oldida norozilik namoyishi o‘tkazib, sodir bo‘lgan voqeada mamlakat rahbariyati va shaxsan bosh vazir Nikol Pashinyanni aybladi.


