Bugun, 1-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev hamda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovlar bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Qasim-Jomart Toqayev 30 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan dildan qutladi.
Shavkat Mirziyoyev, o‘z navbatida, Qozog‘iston yetakchisi va qardosh xalqini davlat bayrami – Birdamlik kuni bilan samimiy tabrikladi.
Sadir Japarov ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Konstitutsiya bo‘yicha referendumning muvaffaqiyatli natijalari va ushbu tadbir yuksak xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etilgani bilan qutladi.
Suhbat davomida, shuningdek, O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan.


