Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev yangi tashkil etilgan G‘azo Tinchlik Kengashiga qo‘shilish va Qozog‘istonning taʼsischi aʼzo sifatida ishtirok etish uchun AQSH Prezidenti Donald Trampdan rasmiy taklifnoma olgan. Bu haqda Prezidentning yordamchisi va matbuot kotibi Ruslan Jeldibay Tengrinews.kz nashriga bergan intervyusida maʼlum qildi.
AQSH tomonidan tashkil etilayotgan Tinchlik Kengashi strategik nazorat, xalqaro resurslarni safarbar qilish hamda G‘azoni tinch yo‘l bilan rivojlantirish majburiyatlarini monitoring qilishga masʼul bo‘ladi. Taʼsischi ijroiya kengashi yetti nafar diplomatiya, rivojlanish, infratuzilma va iqtisodiy strategiya sohasidagi tajribali yetakchidan iborat bo‘lib, har bir aʼzo G‘azoni barqarorlashtirishda muhim soha uchun javobgar hisoblanadi.
Ruslan Jeldibay taʼkidlaganidek, Toqayev AQSHga minnatdorchilik bildirgan va kengashga qo‘shilish bo‘yicha roziligini rasmiy xat orqali tasdiqlagan. Prezident Qozog‘istonning Yaqin Sharqdagi tinchlikni mustahkamlash, davlatlararo ishonchni oshirish va global barqarorlikka hissa qo‘shishga sodiqligini qayd etdi. Rozilik olingach, kengashga qo‘shilishga rozilik bildirgan barcha davlatlar ro‘yxati ommaga eʼlon qilinadi.


