Italiyada o‘tayotgan Milano Kortina–2026 Qishki Olimpiadasi doirasida Qozog‘iston vakili, 21 yoshli Mixail Shaydorov erkaklar o‘rtasida yakkalik figurali uchish bahslarida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu Qozog‘iston tarixida ushbu sport turi bo‘yicha birinchi Olimpia chempionligi hisoblanadi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Shaydorov erkin dasturda 198,64 ball, umumiy hisobda esa 291,58 ball to‘plab shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan. U chiqishini 1997-yilda suratga olingan The Fifth Element filmidagi “Diva Dance” kompozitsiyasi ostida namoyish etgan. Dastur murakkab elementlarni, jumladan uch karra Aksel va to‘rt karra Salxov kombinatsiyasini o‘z ichiga olgan.
Shaydorovning g‘alabasi Qozog‘iston sporti uchun ramziy ahamiyatga ega. Avvalroq mamlakatga figurali uchish bo‘yicha yagona Olimpiya medalini 2014-yilda bronza bilan Denis Ten olib kelgan edi. Shaydorov Denis Tenning merosini eʼzozlab, uning qozog‘istonlik sportchilar uchun yo‘l ochganini taʼkidladi.
Musobaqa davomida asosiy raqiblar, jumladan amerikalik Ilya Malinin hamda italiyalik Daniyel Grassl va boshqa ishtirokchilar xatolarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, Shaydorov xatosiz va murakkab dasturi bilan hakamlar eʼtirofiga sazovor bo‘ldi.
Mazkur g‘alaba Qozog‘iston uchun 1994-yildan buyon ilk qishki Olimpiya oltini bo‘lib, mamlakat qishki sporti tarixida muhim sahifa ochdi.


