Qozog‘iston sog‘liqni saqlash sohasida erishilgan natijalar bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchi o‘rinni egalladi. Xususan, mamlakat yuqumli bo‘lmagan kasalliklardan o‘limni kamaytirish bo‘yicha dunyoning yetakchi o‘nta davlati qatoriga kirdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi maʼlumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonda yuqumli bo‘lmagan kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichi 2025-yilga kelib qariyb chorak qismga kamaygan. Bu haqda Tengrinews.kz nashri 24.kz telekanaliga tayanib xabar berdi.
Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligining taʼkidlashicha, ushbu natijalarga surunkali kasalliklarning oldini olish, erta tashxis qo‘yish hamda samarali davolash choralarini kuchaytirish orqali erishilgan.
Shuningdek, mamlakatda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75,4 yoshga yetdi. Jahon banki maʼlumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchilik qilmoqda.
Bundan tashqari, mamlakatning BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan tuziladigan Inson taraqqiyoti indeksidagi o‘rni ham yaxshilandi. So‘nggi bir yil ichida Qozog‘iston ushbu reytingda yetti pog‘onaga yuqorilab, 193 mamlakat orasida 60-o‘rinni egalladi.
Sog‘liqni saqlash sohasidagi ijobiy o‘zgarishlar o‘lim ko‘rsatkichlarida ham aks etmoqda. Xususan, umumiy o‘lim darajasi qariyb uch foizga, go‘daklar o‘limi esa 20 foizdan ortiq kamaygan.
Vazirlik maʼlumotlariga ko‘ra, mamlakatda 18 ta perinatal markazda “bir kunlik klinikalar” faoliyat yuritmoqda. Ushbu muassasalarda homilador ayollar bir martalik tashrif davomida barcha zarur tibbiy tekshiruvlardan o‘tish imkoniga ega.
Telekanal xabariga ko‘ra, onalar o‘limi ko‘rsatkichi ham 12 foizga kamayib, Qozog‘iston tarixidagi eng past darajaga yetgan.


