Qozog‘iston prezidentining sobiq maslahatchisi, davlat arbobi Yerjan Babaqumarov Ostonada kaltaklab o‘ldirildi. 56 yoshli sobiq amaldor bugun tunda vafot etdi.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, voqea avvalroq uchrashgan erkaklar o‘rtasida kelib chiqqan janjal natijasida sodir bo‘lgan. Babaqumarov olgan jarohatlar tufayli vafot etgan.
Ichki ishlar vazirligi gumonlanuvchini qo‘lga olib, vaqtinchalik saqlash izolyatoriga joylashtirganligini ma’lum qildi. Qotillik yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sudgacha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Yerjan Babaqumarov 1969-yil 2-martda Qozog‘istonning Taldiqo‘rg‘on viloyatida tug‘ilgan, siyosiy fanlar nomzodi. U 1996-yildan buyon Ichki siyosat boʻlimi boshligʻining oʻrinbosari, Prezident Administratsiyasi axborot-tahlil markazi rahbari, Madaniyat va axborotlashtirish vazirining masʼul kotibi, Bosh vazir devoni rahbari o‘rinbosari, Prezident huzuridagi Markaziy kommunikatsiyalar xizmati direktori, Davlat rahbari maslahatchisi – Prezident Administratsiyasi Tahlil va prognozlash markazi rahbari, 2019-2022 yillarda Olmaota hokimi o‘rinbosari kabi turli davlat lavozimlarida ishlagan.


