Isroil va Qozog‘iston o‘zaro turizmni rivojlantirish maqsadida muhim kelishuvga erishdi. Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar va Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayev milliy pasport egalari uchun viza talablarini bekor qilishni nazarda tutuvchi memorandumni imzoladilar. Bu haqda Euronews xabar bermoqda.
Hujjat ikki mamlakat fuqarolarining sayohatini yengillashtirishga qaratilgan.
Ostonada bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida Gideon Saar ushbu tashrif Isroil–Qozog‘iston munosabatlarini yanada mustahkamlash va ularning to‘liq salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishini ta’kidladi. Shuningdek, u Qozog‘istonning Avraam kelishuvlariga qo‘shilganini olqishlab, bu Markaziy Osiyodagi muhim siyosiy qadam ekanini qayd etdi.
Yermek Kosherbayev esa Qozog‘iston Yaqin Sharqdagi vaziyatdan xavotirda ekanini bildirib, mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan konstruktiv tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Ostona xalqaro huquq va BMT Nizomiga asoslangan muloqotni rivojlantirish tarafdori bo‘lib qoladi hamda ikki davlatli yechimni qo‘llab-quvvatlaydi.
Tashrif doirasida savdo, innovatsiya, oziq-ovqat xavfsizligi va suv resurslarini boshqarish masalalari ham muhokama qilindi. Tomonlar Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning joriy yil oxirida Qozog‘istonga rasmiy tashrif buyurishi rejalashtirilayotganini ham ma’lum qildi. Ushbu kelishuv ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.


