Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida 30-noyabr kuni Moskva—Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan VanHool rusumli avtobus yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Avtobusda jami 54 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, YTH oqibatida hech kim jarohat olmagan va halok bo‘lganlar ham yo‘q.
Favqulodda vaziyatlar xizmati hamda politsiya xodimlari yo‘lovchilarni tezkor evakuatsiya qilib, Aqto‘be viloyati Aytekebi tumani Qorabutoq qishlog‘idagi masjidga vaqtincha joylashtirdi. Fuqarolarga oziq-ovqat va zarur yordamlar ko‘rsatilmoqda. Ularni O‘zbekistonga qaytarish uchun boshqa avtobus tashkil etilmoqda.
O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi va Bosh konsulligi vaziyatni to‘liq nazoratga olganini ma’lum qildi. Diplomatlar Qozog‘istonning mas’ul idoralari bilan doimiy aloqa qilib, fuqarolarning xavfsiz qaytishi bo‘yicha zarur choralarni ko‘rmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekistondan chet elga vaqtincha mehnat faoliyati uchun ketayotgan fuqarolar hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Hukumat tomonidan ishlab chiqilayotgan loyiha xavf-xatarlarni kamaytirish va fuqarolarni qo‘shimcha himoya qilishga qaratilgan.


