Qozog‘istonda kuchli qor bo‘roni va noqulay ob-havo sharoitida yo‘lda qolib ketgan uch nafar O‘zbekiston fuqarosi qutqaruvchilar tomonidan evakuatsiya qilindi. Bu haqda Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa Qarag‘anda viloyatida respublika ahamiyatidagi “Astana – Qarag‘anda (aylanma yo‘l orqali) – Olmaota” avtomobil yo‘lining 948-kilometrida sodir bo‘lgan. Yengil avtomobil yo‘ldan chiqib, qor uyumiga tushib qolgan. Mashina salonida uch nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan.
Voqea joyiga yetib kelgan qutqaruvchilar ularni avtomobildan evakuatsiya qilib, yaqin atrofdagi isitish punktiga olib borgan. Shuningdek, maxsus texnika yordamida qor ostida qolgan avtomobil tortib chiqarilib, yo‘lning tozalangan qismiga olib chiqilgan.
Qozog‘iston FVV ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi bir sutka davomida kuchli bo‘ron, muzlama, kuchli shamol va ko‘rinishning yomonlashuvi sababli jami 87 kishi, jumladan 6 nafar bola qutqarilgan. Bundan tashqari, qor uyumida qolib ketgan 10 ta avtomobil ham chiqarib olingan.
Qutqaruvchilar og‘ir ob-havo sharoitida fuqarolarni ehtiyot choralariga rioya qilishga, ogohlantirishlarni kuzatib borishga va noqulay ob-havo vaqtida uzoq safarlardan tiyilishga chaqirdi.


