Qozog‘istonda ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishda pasport maʼlumotlaridan foydalanish masalasi muhokama qilinmoqda. Bu haqda Majlis deputati Yekaterina Smishlyayeva Markaziy kommunikatsiyalar xizmati brifingida maʼlum qildideb xabar beradi Tengrinews.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tashabbus bolalarni internetdagi zararli kontentdan himoya qilishga qaratilgan choralar qatoriga kiradi. Deputat ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni to‘liq taqiqlash rejalashtirilmayotganini, balki “raqamli voyaga yetish” tushunchasi doirasida ayrim kontentlarga kirishni cheklash ko‘zda tutilayotganini taʼkidladi.
Ro‘yxatdan o‘tishda pasport maʼlumotlaridan foydalanish qo‘shimcha himoya vositasi bo‘lishi mumkin, biroq bu usulning to‘liq samaradorligi kafolatlanmaydi. Smishlyayeva yoshni aniqlashning oddiy usullari, xususan tug‘ilgan sanani ko‘rsatish, ko‘pincha samarasiz ekanini qayd etdi.
Shu bilan birga, deputat yirik ijtimoiy platformalar hozirning o‘zida akkaunt xatti-harakatlarini tahlil qilish orqali foydalanuvchining yosh toifasini aniqlash va kontentni moslashtirish mexanizmlaridan foydalanayotganini aytdi.
Parlament aʼzosining fikricha, bolalarni zararli axborotdan himoya qilishda davlat taqiqlari emas, balki raqamli platformalarning masʼuliyati muhim rol o‘ynashi lozim. Raqamli muhitni tartibga solish bo‘yicha muhokamalar hozirda davom etmoqda.


