Qozog‘istonning Sariag‘ash shahrida may oyida sodir etilgan qotillik ishi bo‘yicha sud qarori eʼlon qilindi. Tergov maʼlumotlariga ko‘ra, 39 yoshli O‘zbekiston fuqarosi A.N. pensionerni bolta bilan urib, bog‘lab qo‘ygan. Jabrlanuvchi hushini yo‘qotgach, uning tomog‘ini kesib, qo‘llari va jinsiy aʼzolarini ham shikastlagan.
Sud jarayonida ayblanuvchining aybi to‘liq isbotlangan. Biroq psixiatriya ekspertizasi uning surunkali paranoid shizofreniyaga chalinganini va 6 yildan ortiq vaqtdan beri ro‘yxatda turganini aniqladi.
Turkiston viloyati sudi qaroriga ko‘ra, u jinoiy javobgarlikdan ozod etildi va Olmaota viloyati Talgar tumanidagi ixtisoslashtirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga majburiy tartibda joylashtirildi.
Marhumning qarindoshlari sud hukmidan norozilik bildirib, apellyatsiya shikoyati kiritishgan.


