Ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘istonning Olmaota shahrida 18 kishi “Seftriakson” antibiotiki inyeksiyasini qabul qilganidan keyin vafot etgani va ushbu preparat dorixonalardan yoppasiga musodara qilinishni boshlagani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi bu maʼlumotlarni hozircha rad etmoqda.
"Bemorning o‘limini ko‘rsatuvchi “Seftriakson”ning nojo‘ya taʼsirlari (sariq kartochkalari) haqidagi karta-xabarlar qayd etilmagan. Qozog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Tibbiy va farmatsevtika nazorati qo‘mitasi va uning Olmaota shahri bo‘yicha hududiy boshqarmasiga bunday shikoyatlar kelib tushmagan”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Maʼlumot o‘rnida, Seftriakson — bu meningit, turli xil infeksiyalar, pnevmoniya va boshqalar kabi keng ko‘lamli kasalliklar uchun buyurilgan antibiotik.
Ushbu dori Qozog‘istonda litsenziyalangan va dorixonalarda sotilishga ruxsat etilgan.


