Olmaota shahrida qozog‘istonlik ayollarni haqorat qilgan ikki nafar rossiyalik bloger ma’muriy javobgarlikka tortilib, 15 sutkaga qamoqqa olindi. Bu haqda 24.kg nashri xabar berdi.
Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur hodisadan so‘ng Ichki ishlar vazirligi tomonidan qo‘shimcha ravishda jinoiy ish ham qo‘zg‘atilgan.
Bosh prokuror o‘rinbosari Galimjan Koygeldiyevning ta’kidlashicha, gumondorlar mayda bezorilikda ayblanmoqda. Shu bilan birga, Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 174-moddasi — millatlararo nafrat qo‘zg‘atish alomatlari bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, blogerlar Rinat Pashayev va Anar Abdullayev Olmaotadan efirga uzatilgan jonli chiqish vaqtida qozog‘istonlik ayollar haqida haqoratli so‘zlar ishlatgan. Keyinchalik ular o‘z xatolarini tan olib, jamoatchilikdan uzr so‘ragan.
Olmaota ixtisoslashtirilgan tumanlararo ma’muriy sudi qaroriga ko‘ra, blogerlarga 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Mazkur holat Qozog‘iston jamoatchiligi orasida keskin noroziliklarga sabab bo‘lgani qayd etildi.


