8-sentabr kuni ertalab Quddus shimolidagi Ramot chorrahasida yuz bergan qurolli hujum oqibatida halok bo‘lganlar soni besh nafarga yetdi. Dastlab to‘rt kishi voqea joyida vafot etgan bo‘lsa, yana bir kishi shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi.
Isroil sog‘liqni saqlash xizmati ma’lumotiga ko‘ra, kamida 15 kishi yaralangan, ulardan yetti nafari og‘ir ahvolda. Shuningdek, ikki kishi o‘rtacha, uch kishi esa yengil jarohatlar olgani bildirildi. Mahalliy OAVlarga ko‘ra, jabrlanganlarning ayrimlari hushsiz holda topilgan.
Guvohlarning aytishicha, ikki nafar qurollangan shaxs gavjum bekat yonida to‘xtab turgan avtobusga qarata o‘q uzgan. Politsiya ularni “terrorchi” deb atab, voqea joyida “zararsizlantirilganini” ma’lum qildi.
Hujumdan so‘ng Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu xavfsizlik xizmati rahbarlari bilan maxsus yig‘ilish o‘tkazayotgani haqida uning matbuot xizmati bayonot berdi. Hozirda tergov organlari voqea tafsilotlarini o‘rganmoqda.


