Yer yuzidagi yuz millionlab musulmonlar bugun Iyd al-Adha - Qurbon hayitini nishonlamoqda. Rivoyatlarga ko‘ra, bu anʼana hz. Ibrohim (a.s.) Alloh tomonidan imtihon qilingan kundan boshlanadi.
Maʼlumki, diniy manbalarda, xususan, Bibliya va Qurʼonda Ibrohim (a.s.)ning o‘z o‘g‘illarini Yaratganning amriga binoan qurbonlik qilmoqchi bo‘lgani yoziladi. Ibrohim (a.s.) Allohga bo‘lgan itoatlari sabab o‘z o‘g‘illarini uydan olib chiqadilar. Belgilangan joyga borib, Ismoil (a.s.)ning bo‘g‘ziga pichoq qadaganlarida, Allohning izni bilan Jabroil (a.s.) jannatdan bir qo‘chqor olib chiqadi va Ismoil (a.s.) qurbonlikdan qutuladilar.
Bu voqea Qurʼoni karimning “as-Soffat” surasida tilga olinadi. Suraning 106-107-oyatlarida o‘qiymiz. “Albatta, bu ochiq-oydin sinovning ayni o‘zidir. Biz uning o‘rniga katta qurbonlik fido qildik”.
O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqovning maʼlumot berishicha, Lissabon (Portugaliya)dagi Gyulbenkyan kolleksiyasida temuriylar davriga oid bir qo‘lyozma saqlanadi. 1410–1411 yillarda Sherozda ko‘chirilgan ushbu muraqqaʼ (albom)da Ibrohim (a.s.) o‘z o‘g‘lini qurbon qilayotganlari aks ettiriladi.
Suratda ayni ana shu oyatlarda zikr qilingan holat tasvirini ko‘rishimiz mumkin. Unda Ibrohim (a.s.) o‘z o‘g‘li Ismoil (a.s.)ning bo‘yniga pichoq tirab turganlari tasvirlangan. Sarg‘ish rangli fonda havoda muallaq turgan to‘rt nafar qanotli farishta ko‘zga tashlanadi. Ibrohim (a.s.)ning qarshisida jannatdan qo‘chqor olib chiqqan Jabroil (a.s.) qanotli ayol ko‘rinishida tasvirlangan
“Muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish va targ‘ib etishga katta eʼtibor qaratilyapti. Jamiyatimiz aʼzolari ushbu eʼtibor va g‘amxo‘rlikdan ruhlanib, dunyoning turli hududlaridan xalqimiz maʼnaviy merosining ko‘plab durdonalarini aniqlashmoqda. Fursatdan foydalanib barcha hamyurtlarimizni Butunjahon jamiyati aʼzolari nomidan Qurbon hayiti bilan muborakbod etaman!”, — deydi Firdavs Abduxoliqov.


