Yanvar-iyun oylarida sayyoramizning ko‘plab mamlakatlarida kuzatilgan qurg‘oqchilik kamida 13,2 milliard dollar global zarar yetkazgan. Dushanba kuni Nikkei iqtisodiy gazetasi Aon sug‘urta kompaniyasiga tayanib shunday maʼlumot keltirdi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari, Pokiston va Xitoyning g‘arbiy qismida ham global qurg‘oqchilik avj olgan. Xitoyda daryolarning sayozlashishi tufayli bir qator gidroelektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarish deyarli 40 foizga kamaydi, deb yozadi gazeta. Shu sababli Sichuan provinsiyasida, xususan, Toyota Motor korporatsiyasining yig‘ish zavodi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Iyun oyi boshida Yaponiyaning Atrof-muhitni o‘rganish milliy instituti va Tokio universiteti mutaxassislari hisobot eʼlon qilib, joriy asrning o‘rtalariga borib yozgi qurg‘oqchilik ko‘plab hududlar, jumladan, O‘rta yer dengizi sohillari va Janubiy Amerikaning ko‘plab hududlari uchun norma bo‘lishini taʼkidlagan edi.