Yaponiyaning Tsukuba universiteti va Ilg‘or sanoat fanlari va texnologiyalari milliy instituti olimlari Quyosh faolligi, Yer iqlimi va zilzilalar o‘rtasida bog‘liqlik borligini aniqladi.
Tadqiqotchilar zilzilalar, Quyosh faolligi va Yer yuzasi harorati haqidagi maʼlumotlarni tahlil qildi. Ularning xulosalariga ko‘ra, Quyoshdan kelayotgan issiqlik Yer yuzasiga taʼsir qilib, zilzilalarning yuzaga kelish ehtimolini oshirishi mumkin.
Quyosh faolligi tufayli Yer yuzasi haroratining o‘zgarishi tog‘ jinslarini mo‘rtlashtiradi va yorilishiga sabab bo‘ladi. Bu jarayon yer osti suvlarining harakatini ham o‘zgartirib, tektonik plitalar chegaralaridagi bosimni oshirishi mumkin.
Olimlarning fikricha, Quyosh faolligi prognozlarini zilzilalarni oldindan bashorat qilish tizimlariga qo‘shish mumkin. Bu kelajakda zilzilalarning oldini olish va ularning zararini kamaytirishga yordam beradi.


