Manbalarning xabar berishicha, Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning o‘g‘li Adam Qodirov Grozniy shahrida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasidan so‘ng shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda Kavkaz.Realii nashri va masa.media axborot manbalari ma’lum qildi.
Nashr manbalariga ko‘ra, Adam Qodirov Grozniydagi yangi respublika shifoxonasiga olib kelingan bo‘lib, uning ahvoli og‘ir deya baholanmoqda. Xabarlarda tibbiyot muassasasiga olib boruvchi yo‘llar vaqtincha yopilgani aytiladi.
Checheniston muxolifatidagi NIYSO harakati ma’lumotiga ko‘ra, Adam Qodirov korteji yuqori tezlikda harakatlanayotgan vaqtida to‘satdan to‘siqqa duch kelgan. Natijada kortej tarkibidagi avtomobillar bir-biri bilan to‘qnashgan. Harakat vakillari hodisa oqibatida boshqa jabrlanganlar bo‘lishi mumkinligini ham istisno etmayapti.
Avariya ortidan Grozniy shahrining ayrim ko‘chalarida harakat cheklangan, shuningdek, respublika shifoxonasi hududi yopilgani haqida xabarlar tarqaldi. Rasmiy idoralar tomonidan hodisa yuzasidan hozircha batafsil ma’lumot berilmagan.
Ma’lumot o‘rnida, Adam Qodirov — Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning 18 yoshli o‘g‘li bo‘lib, u respublika boshqaruvida bir qator yuqori lavozimlarni egallab kelayotgani aytiladi. Jumladan, u Checheniston Xavfsizlik kengashi kotibi va respublika Ichki ishlar vazirligi bilan bog‘liq rahbarlik vazifalarida tilga olinadi.
Mazkur holat yuzasidan rasmiy manbalar tomonidan tasdiqlangan axborotlar kutilmoqda.
