Rajab Toyib Erdog‘an Turkiyadagi prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida 52 foizdan ko‘proq ovoz bilan g‘alaba qozondi. Bu haqda Turkiya Oliy saylov komissiyasi rahbari Ahmet Yener maʼlum qildi.
Unga ko‘ra, byulletenlarning 99,43 foizini qayta ishlash natijalariga ko‘ra, Erdog‘an 52,14 foiz, uning raqibi Kemal Qilichdoro‘g‘li 47,86 foiz ovoz olgan.
"Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, Rajab Toyib Erdog‘an Turkiyaning yangi prezidenti etib saylandi", — dedi Yener.
Unga ko‘ra, Erdog‘anning Qilichdoro‘g‘lidan ustunligi 2 million ovozdan oshadi. Saylovning yakuniy natijalari 1 iyun kuni eʼlon qilinadi.
Erdog‘an prezidentlik saylovining birinchi bosqichida 49,52 foiz, uning muxolifatdagi raqibi Qilichdoro‘g‘li 44,88 foiz ovoz olgandi.
Turkiyada prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 08:00 da boshlandi, ovoz berish 17:00 gacha davom etdi.
Saylov uchastkalari yopilgach, ovozlarni sanash darhol boshlandi.
Xorijda yashayotgan Turkiya fuqarolari uchun ovoz berish 24 may kuni yakunlandi. 73 mamlakatda jami 3,5 million saylovchi ovoz berdi.
Kecha Shavkat Mirziyoyev Erdog‘anni saylovdagi g‘alaba bilan birinchilardan bo‘lib qutladi.


