Kinochilar uyida O‘zbekiston kinoijodkorlari tomonidan “Belarusfilm” kinostudiyasi bilan hamkorlikda ko-produksiya formatida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti hamda kinorejissyor Elyor Eshmuhamedov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Leonid Marinich, Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, “Belarusfilm” kinostudiyasi direktori Vladimir Karachevskiy, kinoijodkorlar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Ikki mamlakat kinoijodkorlarining so‘nggi uch yildagi hamkorlik yakunlari sarhisob qilindi. Ushbu davrda “Belarusfilm” kinostudiyasi ko‘magida Xilol Nasimovning “Meros”, Jahongir Ahmedovning “Ilhaq”, Ibrohim Rasulovning “Muxabbat baxori” filmlari suratga olingan.
Uchrashuvda tomonlar joriy loyihalarni ham taqdim etishdi.
O‘tgan yili Minskda bo‘lib o‘tgan “Listapad” festivalida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi rahbariyati va “Belarusfilm” kinostudiyasi o‘rtasida yangi loyiha – “Osiyo arsloni” filmini ishga tushirish bo‘yicha memorandum imzolangan edi. Film Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, urushda razvedkachi-partizan sifatida ishtirok etgan Sovet Ittifoqi Qahramoni Mamadali Topvoldiyev (partizanlar uni “Kazbek” deb atashgan) haqida hikoya qiladi. Film “Men terrorchi emasman” filmi bilan tanilgan yosh rejissyor Muhammadali Iskandarov tomonidan suratga olinadi.
Taqdimot davomida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan “Belarusfilm” ko‘magida ishlab chiqarilayotgan “Uzbechka” filmini suratga olish jarayoni muhokama qilindi. Film o‘zbek mergan qizi, afsonaviy Zebo G‘aniyevaning obrazi asosida yaratilmoqda. Qahramon timsolida Ikkinchi jahon urushi frontlarida qatnashgan O‘zbekiston ayollarining jasorati va matonati mujassamlangan.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan loyihalar bo‘yicha memorandumlar imzolandi.
– Buyuk ijodkorlarimiz Elyor Eshmuhamedov va Odelsha Agishevga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahrida VGIK filialini ochish haqidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun minnatdorchilik bildiramiz. Quvonarlisi, sizlar hozirgi vaqtda Toshkentda yoshlarimizga o‘z bilimingizni berib kelmoqdasiz. Ishonchimiz komilki, shogirdlaringiz “Oshiqlar” kabi kino sanʼati durdonalarini yaratishga muvaffaq bo‘lishadi, – dedi agentlik bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.


