Mamlakatimizda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida joriy yilning 20-yanvaridan boshlab Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) va Ichki ishlar vazirligi (IIV) hamkorligida respublika miqyosida tezkor-qidiruv va profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda DXX Zamon.uzga xabar berdi.
Tadbirlar doirasida bir qator holatlar aniqlandi, jumladan:
Guliston shahrida 2002-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs Gentra rusumli avtomashinasida ushlanib, uyali telefonidan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari haqida ma’lumotlar olindi. Uning uyidan 2 kg 787 gr “Pregabalin”, 1900 dona kapsula ko‘rinishidagi “Pregabalin”, 150 dona “Tropikamid” va 1 litr “Tropikamid” hamda turli anjomlar rasmiylashtirib olindi. Unga nisbatan JKning 251-1-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Toshkent viloyatida 3 nafar shaxs 36 dona “Regapen” dorisini shartli xaridorga sotgan vaqtida ushlanib, jami 13 217 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari musodara qilindi. Ularga nisbatan JKning 251-1-moddasi bilan ish qo‘zg‘atildi.
Mirzo Ulug‘bek tumanida 1995-yilda tug‘ilgan shaxs 4 nafar sherik bilan 2 nafar fuqaroni urib, 500 AQSh dollarini o‘zlashtirgan. Guruh a’zolariga JKning 165-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan ish qo‘zg‘atildi.
Toshkent shahrida yashovchi 2003-yilda tug‘ilgan shaxs “Malika” savdo majmuasida telefon sotish orqali bezorilik va zo‘ravonlik harakatlarini sodir qilgan. Hozirda u qo‘lga olingan, ish JKning 277-moddasi bilan qo‘zg‘atilgan.
Chinoz tumanida 1967-yilda tug‘ilgan shaxs 10 nafar fuqaroni ishtirokida qimor o‘yinlari tashkil qilgan. Tezkor tadbirda jami 140 mln so‘m miqdoridagi pullar musodara qilindi. Ushbu shaxsga nisbatan JKning 278-moddasi bilan ish qo‘zg‘atildi, qolganlarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks asosida choralar ko‘rildi.
DXX va IIV hamkorligidagi tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda va jinoyatchilikka qarshi kurashishda samarali chora-tadbirlar qo‘llanilmoqda.


