Maʼlumki, ayrim dori vositalari shifokor tavsiyasisiz isteʼmol qilinsa, inson hayoti va salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Ammo yana shunday dori vositalari ham borki, ularni dorixonalardan hech qanday cheklovlarsiz, yaʼni retseptsizsotib olsa bo‘ladi.
Joriy yilning iyul oyidan Sog‘liqni saqlash vazirligi buyrug‘i asosida retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxati keskin kamaytirildi.
Unga ko‘ra, monopreparatlar pozitsiyasi 105 taga, majmuaviy preparatlar ro‘yxati esa 118 taga qisqardi.
Natijada, aholi qatlami retseptsiz ham berilishi mumkin bo‘lgan dorilarni xarid qilish uchun yo‘l bosib, vaqt yo‘qotib, navbat kutib shifokor qabuliga kirishga majbur bo‘lmoqda. Agar qo‘shimcha tekshiruvlar talab etilsa, yana navbat asosida tibbiy xulosani bilan vrach huzuriga takror kirib retsept yozdirish holatlari ko‘p uchramoqda.
Bemorlarni bunday tarzda ovvora qilish hamda byurokratik to‘siqlar aholining tibbiyot tizimiga nisbatan ishonchi kamayishiga hamda farmatsevtika kompaniyalarining haqli eʼtirozlariga sabab bo‘lyapti.
Chunki qonunga ko‘ra, retsept asosida beriladigan preparatlarni targ‘ibot qilish taqiqlangan. Bu esa aholining zarur dori vositalari haqidagi maʼlumotlarini olish huquqini cheklamoqda.
Maʼlumot uchun: tempalgin, mukomilt, deksaflyu, tabeks kabi qator preparatlarni xorij dorixonalaridan hech qanday cheklovlarsiz xarid qilish mumkin. Bizda retsept so‘raladi.
Vazirli shu muammolarga yechim topish uchun xalqaro amaliyot hamda xorijiy tajribani chuqur o‘rgangan holda, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini bekor qildi va uni yangilash bo‘yicha buyruq loyihasini ishlab chiqdi.
Loyiha regulation.gov.uz portalida muhokamaga qo‘yiladi.Shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingach, qonunga muvofiq kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ayrim tibbiy buyumlar ishlab chiqarish uchun litsenziya talab qilinmasligi haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova


