Britaniya ayeroportlari havo kemalarini boshqarish bilan bog‘liq texnik nosozliklar tufayli falajlanib qoldi. Bundan esa minglab yo‘lovchilar jabrlandi. Buyuk Britaniya havo harakati milliy xizmati texnik nosozlik sabablari aniqlanganini bildirib, noqulaylik uchun uzr so‘radi. Ammo uzr bilan chippakka chiqqan rejalar, parvozni kutib o‘tkazilgan vaqt va asablarni qaytarib bo‘lmaydi.
Xo‘sh, reysingiz bekor qilingani yoki kechiktirilganida siz qanday huquqlarga ega ekaningizni bilasizmi?
Xalqaro qoidalarga ko‘ra, reysingiz bekor qilinsa, sizga uchta tanlov huquqi berilishi kerak.
1. Pul qaytarilishi.
2. Yo‘nalish o‘zgartirilishi.
3. Parvoz kuni o‘zgartirilishi.
Aviakompaniya sizni manzilga tezroq yetkazish chorasini ko‘rishi kerak, buning uchun boshqa kompaniya xizmatidan foydalanishga to‘g‘ri kelsa ham. Agar eng yaqin muddat va sharoitda sizni manzilga yetkazishning imkoni bo‘lmasa, chipta puli qaytarilishi kerak. Agar aviakompaniya chiptani qayta rasmiylashtirish imkonini bermagan bo‘lsa va siz boshqa chipta sotib olishga ulgurgan bo‘lsangiz, chiptalar narxi o‘rtasidagi farq qaytarilishi kerak. Shuningdek, samolyot parvozni amalga oshirgan, ammo aeroportga qaytishga majbur bo‘lgan hollarda ham yuqoridagi huquqlar saqlanib qoladi. Ammo yo‘nalish o‘zgarishi parvoz bekor bo‘lganini emas, balki qoldirilganini bildiradi. Bunday holda siz parvoz uchun boshqa kunni tanlasangid bo‘ladi. Aviakompaniya esa sizga xarajatlarni naqd pul yoki vaucher ko‘rinishida ko‘tarish majburiyatini oladi.
Reys qoldirilganda nima qilsam bo‘ladi?
Yo‘lovchi huquqlari reys qancha muddatga qoldirilgani va parvoz davomiyligiga ko‘ra farq qiladi. Agar parvoz 2 soatdan ko‘proq vaqtga surilsa, yordam olishingiz, bu muddat 5 soatdan oshsa, kompensatsiya olishingiz mumkin. Aviakompaniya yo‘lovchini ichimlik, ovqat, joy va agar zarurat bo‘lsa, tunash uchun joyga borishga transfer bilan taʼminlashga majbur. Shuningdek, siz tekin telefon qo‘ng‘iroqlari, faks va elektron pochtadan foydalanishingiz mumkin. Faqat barcha xarajatlar uchun chek saqlangan bo‘lishi kerak. Ammo agar aviakompaniya reys bekor bo‘lishi yoki surilishida aybdor bo‘lmasa, kompensatsiya olish ehtimoli pasayadi. Masalan, ekstremal havo sharoiti, ish tashlashlar va boshqa favqulotda vaziyatlarda klmpensatsiya to‘lanmaydi. Ammo aviakompaniya aybi bilan reys rejalashtirilganidan 14 kungacha bo‘lgan muddatda bekor qilinsa, kompensatsiya to‘lanishi kerak. 1500 kmgacha bo‘lgan masofada bir yo‘lovchi 250 yevro, 1500dan 3500 kmgachs bo‘lgan masofada esa 400 yevroni tashkil qiladi. Masofasi 3500 kmdan uzunroq parvozlar bekor qilinishidan esa 600 yevro kompensatsiyaga ega bo‘lish mumkin. Parvozdan avval aviakompaniya qoidalari bilan tanishib chiqing, bu o‘z huquqlaringizni himoya qilishda yordam beradi.


