AQSH prezidenti Donald Tramp Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodrigesni AQSH talablariga bo‘ysunmagan taqdirda, Nikolas Maduronikidan ham og‘irroq oqibatlar kutishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Bu haqda u The Atlantic nashriga bergan telefon intervyusida maʼlum qildi deydi RBC.
Trampning aytishicha, agar Rodriges “to‘g‘ri qaror qabul qilmasa”, u “juda katta narx to‘laydi va bu narx Maduro to‘laganidan ham yuqori bo‘lishi mumkin”. AQSH rahbari Venesueladagi amaldagi vaziyatni keskin tanqid qilib, mamlakatni “to‘liq muvaffaqiyatsizlikka uchragan davlat” deb atadi.
Nashr qayd etishicha, Tramp Vashington Venesueladagi hozirgi siyosiy holat va rejimga nisbatan keskin choralar ko‘rishga tayyor ekanini yashirmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, “tiklanish yoki rejim almashinuvi” har qanday holatda ham mavjud vaziyatdan yaxshiroq bo‘ladi.
Bunga javoban Delsi Rodriges AQSH bayonotlarini rad etib, Venesuela o‘z tabiiy resurslarini himoya qilishini va hech qachon mustamlakaga aylanmasligini taʼkidladi. U Nikolas Maduro Venesuelaning yagona qonuniy prezidenti ekanini yana bir bor urg‘uladi.
Shu bilan birga, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio NBS Nevs telekanaliga bergan intervyusida Qo‘shma Shtatlar Venesuela davlati bilan emas, balki giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi guruhlarga qarshi kurash olib borayotganini bildirdi. Uning taʼkidlashicha, AQSH tomonidan amalga oshirilgan harakatlar harbiy bosqin emas, balki huquqni muhofaza qilish organlari doirasidagi operatsiya hisoblanadi.


