Dunyoning eng mashhur futbolchilaridan biri Krishtianu Ronalduning o‘g‘li – Junior Krishtianu – Portugaliya U15 terma jamoasi safida ilk bor maydonga tushib, katta e’tiborni o‘ziga qaratdi. Uning xalqaro turnirdagi ishtiroki Yevropaning bir nechta nufuzli klublari skautlarini Xorvatiyaga jalb qildi.
Xabarlarga ko‘ra, Yaponiyaga qarshi o‘yinda (4:1) Juniorning harakatlarini
“Manchester Yunayted”, “Tottenxem”, “Bavariya”, “Borussiya Dortmund”, “Leyptsig”, “Xoffenxaym”, “Red Bull Zalsburg”, “Inter”, “Yuventus” va “Atalanta” klublari skautlari tomosha qilishdi. Bu jamoalar yosh futbolchining otasi kabi yulduzga aylanish imkoniyatini diqqat bilan kuzatmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayniqsa, “Manchester Yunayted” Juniorga katta qiziqish bildirgan. Eslatib o‘tamiz, u 2021-yilda otasi “qizil iblislar”ga qaytganidan so‘ng klub akademiyasida 14 oy faoliyat olib borgan. Hozirda klub skautlari uning joriy holati haqida rahbariyatga hisobot bergan.
Garchi Junior kecha Gretsiyaga qarshi uchrashuvda asosiy tarkibda maydonga tushgan bo‘lsa-da, u o‘yinning borishini keskin o‘zgartira olmadi. Uning ishtirokida Portugaliya 0:1 hisobida ortda borayotgan edi. Qizig‘i, aynan u almashtirilganidan keyin jamoa hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi.
Ma’lumki, hozirda ham ota, ham o‘g‘il Krishtianu Ronaldular Saudiya Arabistonining “An-Nasr” klubi tarkibida to‘p surmoqda.


